Telegramda pul ishlash

Telegramda pul ishlash

      Telegramda pul ishlash ga 3 fikr bildirilgan

Hozirgi paytda sotsial tarmoqlaridan, ayniqsa telegramdan foydalanuvchilar soni keskin o’sib bormoqda. Shu bilan birga telegramda pul topish sirlari haqida bilishni, ko’proq pul topishni hoxlo’vchilar soni ham ortib bormoqda. Bugungi maqolamda telegram orqali qanday qilib pul topish mumkinligi haqida, yohud telegramda pul topish sirlari haqida aytib o’taman. Telegram messendjeri yaratilmasidan oldin ko’pchilik insonlar odnoklassniki, facebook, whatsapp tarmoqlarida muloqot qilishardi. Keyin esa, telegram messendjeri yaratilganidan so’ng, uning foydalanuvchilar soni o’sib bordi. Ko’pchilik messendjerlardan farqi, telegramdan foydalanishning qulayliligi, har xil (doc, zip, mp3, video, excel v.b.) ma’lumotlarni tez fursat ichida jo’nata olishligi va har xil operatsion sistemalarda ishlata olishligi bilan farqlanib turadi. Misol sifatida ko’rsatib o’tadigan bo’lsak, ilgarida whatsapp messendjeridan foydalanar edik va har yili bu messendjerni yangilab borish kerak edi va har yili belgilangan summada pul to’lash kerak edi yoki kompyuteringizdagi, yoki telefoningizdagi san’a, soatlar o’zgartilgan bo’lsa, bu messendjerning ishlamay qolish xolatlari juda ko’p uchrashardi. Telegram messendjeri esa bunga chek qo’ydi, hech qanday cheklo’vlarsiz, vaqt o’tgach esa hech qanday pul to’lash shartlari ham yo’q. Messendjerdan hoxlaganingizcha foydalanishingiz mumkin. Mana shu taraflari bilan telegram messendjeri odamlarga qulaylik yaratib berdi va o’zining ko’p foydalanuvchilariga ega bo’ldi. Hozirgi paytda O’zbekistonda deyarlik barcha android sistemasida ishlaydigan yoki boshqa sistemalarda ishlaydigan telefonlarda telegram messendjeri o’rnatilgan. Shu bilan birga, telegram messendjerida pul ishlab topish imkoniyatlari ham ko’paydi.

Telegramda pul ishlash sirlari

Telegramda pul ishlash sirlari juda oddiy. Agar sizda telegram messendjeri o’rnatilmagan bo’lsa, hoziroq telefoningizga o’rnatib oling va pul ishlashni boshlang. Telegramda pul ishlash yo’llari juda ko’p, ular:

  1. Telegram messendjerida bot yaratish
  2. Foydali dasturlarni, o’yinlarni ishlab chiqish
  3. PR xizmati bilan shug’ullanish
  4. Telegram akkauntlarni sotish
  5. Telegram messendjeri yaratuvchilari konkurslarida ishtirok etish
  6. Telegramda sticker yaratish
  7. Telegramda guruh yaratish

Mana shu yo’llar orqali siz telegramda pul ishlashingiz mumkin. Endi esa har bir bo’limga alohida to’xtab o’tamiz va har birida qanday qilib pul ishlash mumkinligini ko’rib chiqamiz.

Telegram messendjerida bot yaratish

Telegram messendjerida botlar soni xozircha oz. Agar siz dasturlash bo’yicha xabaringiz bor bo’lsa, bilimga ega bo’lsangiz, odamlar uchun foydali botlarni yaratib, ularni sotish evaziga pul ishlashingiz mumkin. Qanday botlarni yasash orqali pul ishlash mumkin? Ishlarni avtomatlashtiruvchi botlar, foydalanuvchilarni yig’ish, statistika yig’ish, foydalanuvchilar haqida ma’lumotlarni yig’ish botlari, internet do’konlari uchun oldi-sotti ishlarini avtomatik bajarish imkoniyatlarini beruvchi botlar. Telegramda bunday botlar soni oz, lekin asta-sekin rivojlanib bormoqda. Bunday botlardan foydalanuvchilar soni esa ortib bormoqda, chunki bu botlar internet do’konlar, guruh administratorlari ishlarini osonlashtirmoqda. Shuning uchun bu-telegram orqali daromad keltiruvchi manba bo’lishi mumkin.

Foydali dasturlarni, o’yinlarni ishlab chiqish

Telegramda qanday qilib pul ishlash mumkin degan savolga javob qidiruvchilari uchun zo’r g’oya bo’lishi mumkin. Lekin, sizda dasturlash haqida bilimingiz bo’lishi kerak. Telegramdan foydalanuvchi odamlar ma’lumot almashishdan tashqari, har xil o’yinlarni o’ynab, vaqtini yaxshi o’tkazishni hoxlashadi. Siz esa shu o’yinlarni ishlab chiqib, bu orqali pul ishlashingiz mumkin. Undan kelib tushadigan mablag’ esa, yaratgan o’yiningizga bog’liq. Hoxlasangiz shu o’yinni o’ynash uchun oylik, yillik pul to’lash, yoki keyingi bosqichga o’tish uchun pul to’lash, shunga o’xshash narsalarni o’yiningizda ishlab chiqishingiz mumkin.

PR xizmati bilan shug’ullanish

Bunday xizmatlarni asosan telegram messendjerida o’z guruhlariga ega odamlarga tafsiya etishingiz mumkin. Bunda siz endi gina yaratilgan yoki o’z foydalanuvchilari sonini ko’paytirishni hoxlo’vchi guruh administratorlariga o’z xizmatlaringiz haqida ma’lumot jo’natishingiz mumkin. Masalan: Salom, mening ismim Oybek, man PR xizmati bilan shug’ullanaman, yani sizning telegram guruhingizga mana shuncha pul evaziga shuncha odamlarni yig’ib berishim mumkin yoki sizning telegram guruhingizni internetda reklama qilib berishim mumkin. Bu bilan sizning guruhingizning foydalanuvchilari soni mana shunchaga ortishi mumkin. Agar sizga PR xizmatlari kerak bo’lsa, mana shu raqamlarga qo’ng’iroq qiling yoki mana shu pochtamga xat jo’nating.

Mana shunga o’xshah qilib, o’zingizning ko’rsatadigan PR xizmatlari, ularning narxlari haqida bitta yaxshilab tekst tayyorlaysiz va telegramda o’z guruhlariga ega administratorlarga xat jo’natasiz.

Telegram akkauntlarni sotish

Hozirgi paytda internetda qo’shimcha akkauntlarga muxtoj insonlar soni ko’p. Bu faqat telegram akkauntlariga tegishli emas, har xil sotsial tarmoqlar, internet do’konlar, internetda pul topish imkoniyatini beruvchi saytlardagi akkauntlarni sotib olishga tayyor insonlar soni juda ko’p. Bunday akkauntlarni sotib olishdan maqsad, bu PR. Yani, o’z xizmatlarini, reklamalarini ko’plab akkauntlardan foydalanib odamlarga tarqatish, yoki internet do’kon bo’lsa, sizdan sotib olgan akkauntlar orqali o’zlarining sotayotgan maxsulotlari haqida yolg’on fikrlar, o’zining maxsulotlarini maqtab sotish orqali, maxsulotlarining sotilish ko’lamini orttirishni hoxlo’vchilar qo’shimcha akkauntlarni sotib oladilar. Bu mavzu bo’yicha alohida bitta maqola yozaman. Chunki bu hozirgi paytda internetda pul topishga yordam beruvchi qo’shimcha yo’l hisoblanadi. Shuning uchun agarda internet do’konlari orqali har xil narsalarni sotib olmoqchi bo’lsangiz, shu maxsulot haqida qoldirilgan fikrlarning barchasiga ishonavermang. Bu haqida alohida maqola saytga joylashtiriladi. O’tkazib yubormang!

Telegram messendjeri yaratuvchilari konkurslarida ishtirok etish

Telegram messendjeri yaratuvchilari tomonidan har oyda, ba’zilari har yili konkurslar o’tkazilib turiladi. Bu konkurslarda asosan dasturlash tillarini biladigan odamlar qatnashishi mumkin. Konkurslar asosan, telegram messendjeri uchun bot yaratish, har xil o’yinlarni yaratish, stickerlar yaratish evaziga sizga mo’may gina pul yutug’ini taklif etadi. Eng yaxshi deb topilgan yaratuvchi hisobiga pul o’tkazib beradi yoki kompyuter, avtomobil, umuman har xil narsalarni yutuqga qo’yishi mumkin. Qanday mukofot bo’lishi konkurs shartlarida ko’rsatilib o’tiladi.

Telegramda sticker yaratish

Bu bilan ko’p pul ishlab topa olasiz deb aytolmayman, lekin ozgina bo’lsa ham pul ishlasa bo’ladi. Agar siz photoshop dasturida ozgina bo’lsa ham ishlay olsangiz, stickerlar yaratib pul ishlashingiz mumkin. Yaratgan stickerlaringiz chiroyli, foydali bo’lishi kerak. Bu stickerlarni telegram foydalanuvchilari sotib olishi mumkin. Asosan, telegramda stickerlarni sotib oladigan insonlarni deyarlik uchratmadim. Bu yo’l bilan pul ishlash uchun telegram messendjerini yaratgan insonlar tarafidan o’tkaziladigan konkurslarda qatnashib, pul ishlashingiz mumkin. Kim biladi deysiz, balki vaqt o’tib odamlar telegramdagi stickerlarni sotib olishi ham mumkin, chunki odnoklassniki sotsial tarmoqlarida stickerlarni sotib oluvchilar soni juda ham ko’p edi. Stickerlar har yili bo’ladigan bayramlar, tug’ilgan kun, sevishganlar uchun stickerlar yaratishingiz mumkin.

Telegramda guruh yaratish

Telegram orqali asosiy pul topish imkoniyatini beruvchi, yohud telegramda pul ishlash sirlari savoliga javobni shu bo’limdan topasiz. Bu telegram orqali pul ishlashning asosiy man’basi hisoblanadi. Agar siz telegramda guruh yaratib, u yerga ko’plab insonlarni birlashtira olsangiz, daromad topishingiz mumkin. Bunda asosan siz guruhingizda reklama joylashtirib pul topasiz.

Nimaga telegram guruhlari reklama uchun qulay?

Reklama beruvchi insonlar, telegram guruhlarida reklama joylashtirishning avzallik taraflarini allaqachon ko’rib, o’rganib bo’lishgan. Chunki, agar odamlar o’z reklamalarini telegram guruhlarida joylashtirsa, guruhdagi odamlarning barchasi bu reklamani o’qishi va ko’rishini bildi. Telegram guruhlarida joylashtirilgan reklamalarning o’qilishi 50 foizga teng, odnoklassniki va vkontakte sotsial tarmoqlarida 20 foiz, facebook da esa bu ko’rsatgich 10 foizga teng. Shuning uchun, telegram ko’plab o’z foydalanuvchilariga ega guruhlarda o’z reklamalarini joylashtirishni hoxlo’vchilar soni juda ko’p.

Telegram guruhlarida qancha pul ishlab topish mumkin?

Qancha pul topishingizni hisoblab chiqish qiyin ish emas. Buni hattoki internet biznesga qiziqmaydigan odamlar ham aytib berishi mumkin. Misol uchun, 5 000-10 000 foydalanuvchisiga ega guruhlarda reklama joylashtirish uchun, guruh administratorlari bir kunlik reklama uchun 20 000-50 000 sum pul olishadi. Bir oy reklama qilishni hoxlasangiz 150 000-250 000 sum evaziga sizning reklamangizni joylashtirishi mumkin. Endi o’ylab ko’ring, bir oy davomida reklama joylashtiriladigan bo’lsa, bitta reklama o’rtacha narxda 150 000 sum deb olsak, bunday reklama joylashtirishni hoxlo’vchilar soni 2-4 ta bo’lishi mumkin. Bu o’rtacha hisob. Bir oyda esa 300 000-600 000 sumni tashkil qiladi. Bir oyda mana shuncha pul. Endi sizda bunday guruhlar soni 2-3 ta bo’lsa chi? O’zingiz hisoblayvering. Hisob qilishga kelganda, bu juda ko’p pul va baland parvoz gaplar deb o’ylashingiz mumkin. Lekin, shu yo’l bilan pul topayotgan insonlar ham bizning O’zbekistonimizda bor. To’g’ri, topish mumkin bo’lgan pulni hisoblash juda oson, lekin yangi yaratilgan guruhni ko’p foydalanuvchilarga ega qilib, uni rivojlantirish mashaqqatli ish. Bunday guruhni yaratish va rivojlantirish uchun olti oydan bir yilgacha vaqt ketishi mumkin. Guruh yaratilganidan so’ng olti oy yoki bir yil kutib o’tirib, keyin esa qa’ni siz aytgan pullar, hattoki bir sum ham ishlab topa olmadim-ku deganlar ham bo’ldi. Guruh yaratilganidan so’ng, siz uni rivojlantirishingiz kerak. Guruhga odamlarni yig’ishingiz kerak, guruhingizni reklama qilishingiz kerak. Guruhingizda foydali, odamlarga qiziqarli maqolalarni joylashtirib turishingiz kerak.

Shunda gina siz yuqorida aytib o’tilgan pullarni ishlab topishingiz mumkin. Foydali, qiziqarli maqolalarga keladigan bo’lsak, bu siz guruhingizga tanlagan mavzuga bog’liq. Hozirgi paytda odamlar ko’pincha xazillar, qo’shiqlar, videolar, bu qiziq degan mavzularga oid guruhlarga qo’shilib, ulardagi maqolalarni o’qib bormoqda. Guruhingiz mavzusini tanlashda bir oz bosh qotirishingiz kerak. Agar siz uy hayvonlari haqida yoki qanday qilib semirish yoki ozish haqida guruh yaratsangiz, bu bilan siz guruhingizga ko’plab insonlarni yig’a olmaysiz. Internetda Telegramdagi mashxur kanallar deb izlasangiz (agar o’zbek tilidagi guruhlar soni oz bo’lsa, rus tilida qidirib ko’ring), qanday mavzulardagi guruhlarda foydalanuvchilar soni ko’p, odamlar ko’proq qanday guruhlarga qo’shilgan, bularning hammasini bilib olishingiz mumkin. Eng asosiysi tanlagan mavzu sizga ham yoqishi kerak. Masalan, men internetda sayt yaratish va pul ishlashga qiziqaman va shu saytni yaratdim. Men bu sayt uchun ketgan vaqtimga, har bir maqolani yozish uchun sarflanadigan 3-4 soatlik vaqtimga achinmayman. Siz ham o’zingizga yoqgan mavzuda guruh oching, tanlagan mavzu odamlarga ham yoqishi kerak, buni ham esdan chiqarmang.

Telegramda guruh ochishning foydasi bormi?

Ha, albatta bor. Agar siz qiziqarli, foydali mavzularga oid guruhlarni ochish va bu orqali pul ishlashni hoxlamasangiz, o’ylaymanki, siz hozirgi paytda o’z biznesingizga egasiz yoki kelajakda rejalashtirib qo’ygan biznes g’oyangizga egasiz. Agar sizda real hayotda do’koningiz bo’lsa, unda sotiladigan narsalarning rasmlarini telegram guruhingizda joylashtirib, o’zingizning do’koningizda sotilayotgan narsalarni reklama qilishingiz mumkin, agar sizda kafe, restoraningiz bo’lsa, ovqatlar rasmi, bazmlarning rasmlarini joylashtirib reklama qilishingiz mumkin, yoki Xitoydan internet orqali narsalarni sotib olib, uni telegram guruhingizda sotishingiz mumkin, yoki kiyim tikish yoki sotish bilan shug’ullanadigan bo’lsangiz, o’z maxsulotlaringizni reklama qilib, biznesingizni rivojlantirishingiz, haridorlaringiz sonini ko’paytirishingiz mumin. Shuning uchun, telegramda guruh yaratishdan foyda bor. Faqat telegramdan qanday foydalanish o’zingizga bog’liq. Odamlar bilan, qaleysiz, ahvolingiz qanday, nima ishlar qilayabsiz? deb gaplashib, vaqtingizni bekorga sarflashingiz mumkin, yoki guruh yaratib o’z biznesingizni rivojlantirishingiz, agar biznesingiz yo’q bo’lsa, qiziqarli mavzularda guruh yaratib, reklama qilish orqali pul ishlab topishingiz mumkin. Qaysi yo’lni tanlash, o’zingizga bog’liq.

Telegram guruhida kuniga qancha maqola joylashtirishim kerak?

Agar siz har xil mavzuga oid guruh yaratgan bo’lsangiz, unga odamlarni yig’ish va ularnin doimiy foydalanuvchi sifatida ushlab turish uchun siz har kuni guruhingizga yangiliklarni, yangi maqolalarni qo’shib turishingiz kerak. Hoxlang qo’shiq, rasm, video, maqola. Umuman, yangilik qo’shib turishingiz kerak. Har kuni 3-5 dona yangilik qo’shib turushingiz kerak. Agar guruhingizda asosan rasmlar joylashtiriladigan bo’lsa, unda 10-15 dona rasm joylashtirib turishingiz kerak. Agar bunday qilmasangiz, odamlar guruhingizdan chiqib ketishi mumkin. Kuniga 1-2 ta rasm joylashtiriladigan guruhdan nima foyda, yangi rasmlarni kutib o’tirguncha, telegramdagi boshqa, yangiliklar tez qo’shilib turiladigan guruhlarga o’tib ketadi va siz o’z foydalanuvchilaringizdan ayrilib qolishingiz mumkin.

Qo’shiladigan yangilik, maqola hajmi qancha bo’lishi kerak?

Agar siz guruhingizga faqat rasmlarni, videolarni joylashtiradigan bo’lsangiz, bu bo’limni o’qimasdan, keyingi bo’limga o’tib ketishingiz mumkin. Agar siz guruhingizda maqolalarni joylashtirib boradigan bo’lsangiz, unda maqolalar hajmi iloji boricha kichik bo’lishi kerak. Chunki odamlar asosan telegramga telefon orqali kirishadi. Agar siz guruhingizda mana shu maqolaga o’xshash hajmdagi maqolani joylashtirsangiz, uning ohirigacha yeta olmay guruhingizdan chiqib ketishi mumkin. Agar siz maqolalarni katta hajmlarda joylashtiradigan bo’lsangiz, telegramda bitta bot bor, shundan foydalanishni tafsiya etaman. Bu botning nomi Telegraph. Bu botdan foydalanib, katta hajmdagi maqolani joylashtirasiz, guruhingizda esa maqolangizning kichik ko’lami, anonsi joylashtiriladi. Agarda guruhingiz foydalanuvchisi, shu maqolani to’liq o’qishni hoxlasa, ustiga bosib, maqolaning to’liq matnini o’qishi mumkin. Bu botning avzallik tarafi shunda-ki guruhingizning asosiy maydonini maqolalar bilan to’ldirib tashlamaydi, faqat gina kichik ko’lamdagi anons joylashtiradi. Bu esa guruhingiz foydalanuvchilariga yana bitta qulaylik yaratib beradi. Agar maqola unga qiziq bo’lmasa, undan keyingi maqola anonsini tezda o’qib olish imkoniyatini beradi.

Telegram guruhini yaratishda qanday qiyinchiliklar bo’ladi?

Telegramda guruh yaratish juda ham oson, bor yog’i ikki-uch bo’limni bosganingizdan keyin guruhingiz yaratiladi. Eng qiyin tarafi bu-guruhingizni rivojlantirish, unga doimiy foydalanuvchilarni yig’ish hisoblanadi. Eng qiyin tarafi boshlang’ich 200-300 ta foydalanuvchilarni yig’ishdir. Keyin esa, osonlashadi, sizning guruhingizga boshqa odamlarni shu dastlabki yig’gan 200-300 odamlar o’z do’stlarini guruhingizga qo’shib boshlaydi. Keyin esa, o’zidan-o’zi rivojlanib ketaveradi. Guruh yaratganingizdan keyin, telefoningizdagi do’stlaringizni, barcha odamlarni guruhingizga qo’shing va ulardan ham guruhga o’z do’stlarini taklif qilishini iltimos qiling. Guruhingizdagi odamlarni doimiy foydalanuvchi qilib olishingiz uchun esa, guruhga qo’shiladigan ma’lumotlarga, yangiliklarga e’tibor bering. Undan keyin esa telegram guruhingizni internetdagi telegram guruhlari kataloglariga qo’shib boring. Odamlar telegramdagi qiziqarli guruhlarni asosan, shu kataloglar orqali izlashadi. Agar sizning ham guruhingiz shu kataloglardan joy olsa, bu qo’shimcha foydalanuvchi degan gap.

Telegram kanalini ochish va uni yopib tashlash juda oson, lekin uni rivojlantirish qiyin masala. Agar uddalasangiz, yuqoridagi aytib o’tilgan pullarni ishlab topish imkoniyati ko’payadi.

Telegram guruhingizda reklama joylashtirib pul ishlash

Hozirgi paytda internetda telegram guruhlariga ega bo’lgan odamlarni reklama beruvchilar bilan birlashtiradigan saytlar juda ko’p. Ularning ichida eng mashxurlarini pastda ko’rsatib o’taman. Bu saytlardan siz o’zingizning guruhingizni ro’yhatdan o’tkazasiz. Keyin esa, reklama beruvchilar sizning guruhingizning foydalanuvchilar soniga, undagi maqolalar, yangiliklarning qancha vaqt ichida yangilab turilishiga qarab, sizning guruhingizda o’z reklamasini joylashitirishni hoxlashi haqida xat jo’natadi. Shu bilan reklama joylashtirish shartlari, vaqti va qancha to’lashi kerakligi haqida gaplashib olasiz. Reklama berish narxi guruhingizning mashxurligiga bog’liq. Foydalanuvchilar soni qancha ko’p bo’lsa, reklama uchun olinadigan pul qiymati ham ko’p bo’ladi. Bunday imkoniyatni beruvchi saytlar asosan Rossiyaga tegishli, sayt ham rus tilida va reklama beruvchilarning asosiy qismi ham Rossiyaliklar hisoblanadi. Agar siz o’z guruhingizni o’zbek tilida ochgan bo’lsangi, ikkilanmasdan guruhingizni ro’yhatdan o’tkazib qo’yavering.

Balkim, O’zbekisonliklar ham shu saytlardan o’zbekcha guruhlarni qidirishi mumkin. Yoki, hech ikkilanmasdan guruhingizni rus tilida yarating, ko’pincha rossiyalik odamlarni taklif qiling. Ana shunda bu saytlar orqali pul topish imkoniyati ham ko’payadi. Rossiyaliklarning O’zbekistondagi yaratilgan guruhlarda o’z reklamalarini yaratishdan foyda yo’qligini bilishadi, chunki reklama qilinayotgan narsalarni Rossiyaliklar sotib olishi mumkinligini bilishadi, O’zbekistonliklar ham internet orqali sotib olishi mumkin, lekin kam. Agar, reklama beruvchi o’z guruhini reklama qilmoqchi bo’lsa, unda hech ikkilanmasdan, reklama joylashtirishadi. Ularga faqat ko’proq foydalanuvchilar kerak holos.

Reklama joylashtirib pul ishlash imkoniyatini beruvchi saytlar

Reklama beruvchilarni izlash sayti – telega.in. Bu saytda siz reklama beruvchilarni qidirasiz yoki ularning o’zlari sizning guruhingizni izlab  topishadi va reklama berishadi. Bitta reklama berish narxi 63 rubldan 60 000 rublgacha yetadi. Reklama pulining ko’payishi sizning guruhingizning foydalanuvchilariga bog’liq. Qancha ko’p bo’lsa, reklama narxi ham ko’p bo’ladi. Saytdan ro’yhatdan o’tish uchun telegramdagi guruhingizda eng kami bilan 100 ta foydalanuvchi bo’lishi kerak.

Sociate.ru – bu ham guruhlarda reklama joylashtirish imkoniyatini beruvchi mashxur birjalardan biri. Bitta reklama joylashtirish narxi 150 rubldan 12 000 rublgacha boradi.

Telegram messendjerining o’zlari yaratgan reklama joylashtirish birjasi. Bu saytdan ro’yhatdan o’tish uchun, moderatorlar sizning guruhingizni yaxshilab o’rganib chiqishad. Bir kunda qancha yangilik qo’shiladi, uni qancha odam o’qiydi, guruhingida qancha foydalanuvchi bor, bularning hammasini o’rganib chiqishadi, keyin esa sizning guruhingiz ularga ma’qul kelsa, sizni ro’yhatdan o’tkazishadi va siz o’z guruhingizda reklama joylashtiruvchi odamlar bilan naxlarni kelishib, pul topishni boshlashingiz mumkin.

Epicstars.com – bu ham internetdagi mashxur reklama birjasi hisoblanadi. Guruhlarda bitta reklama joylashtirish narxi 500 rubldan 15 000 rublgacha bo’ladi. Reklama beruvchilar o’zi hoxlagan guruhlarni izlab topadi va reklama joylashtirish qoidalarini, narxlarini guruh administratorlari bilan kelishib oladi. Agar, ma’qul kelsa, reklama beruvchi o’zining reklama matnini, rasmini yoki videosini beradi, siz esa buni guruhingizda joylashtirganingidan keyin, kelishilgan narxdagi pulingiznin olishingiz mumkin.

Mana shu birjalar, saytlar telegram guruhlari orqali pul ishlash imkoniyatini yaratib beradi, sizga reklama beruvchilarni izlab topib berishadi. Siz esa faqat shu reklamalarni joylashtirib, pulingizni olasiz. Endi Rossiyani o’z  joyiga qo’yib turib, O’zbekistonda o’zbekcha guruhlarda pul topishga keladigan bo’lsak, hozirda yangi tadbirkorlar ko’payib bormoqda. Ular ham o’z maxsulotlarini reklama qilishni hoxlaydi. Bunday odamlarni topish uchun siz o’zingiz izlashingiz ham mumkin, lekin ular o’zlari sizni topishadi, agar guruhingiz mashxur bo’lsa, albatta. Bitta reklama narxini esa, o’zlaringiz kelishib olaverasiz. Eng asosiysi o’zimizning O’zbekistonliklar uchun reklama narxlari arzon bo’ladi degan umidtaman 🙂

Mana telegram orqali pul ishlash haqidagi maqola shulardan iborat. O’ylaymanki, sizni ko’pdan beri qiynab kelayotgan yoki hali siz bilmagan qiziqarli va foydali ma’lumotlarga ega bo’ldingiz deb o’ylayman. Telegramda pul topishning qaysi yo’lini tanlamang, eng asosiysi tinmay mehnat qilib, o’rganing, izlaning, olgan bilimlaringizni amalda sinab ko’ring. O’zbekistonliklar nafaqat real hayotda tinmay halol mehnat qilib ko’p pul ishlab topishadi, balki ular internet biznesni ham qoyillatib qo’yishmoqda degan so’zlarni eshitadigan davrlarda mening saytim bilan birga bo’lib, internet orqali yetarli darajada pul ishlash hammamizga nasib etsin.

3 comments on “Telegramda pul ishlash

  1. Ssaidullayev

    Maqolaga gap yo`q. Judayam foydali va o`rinli bo`libdi. O`zbekistonda ham ijtimoiy tarmoqlar orqali pul ishlash jadal suratlarda rivojlanmoqda va biz bundan hursandmiz.

    Reply

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan